3 iyuldan Toshkentda «Toshshahartransxizmat» kompaniyasi korxonalarining avtobus yo‘nalishlarida yo‘lovchilar oqimi hisobi o‘tkaziladi. Bu haqda kompaniya saytida xabar qilindi.

Hisob o‘tkazishdan maqsad — yo‘lovchilar tashishni tashkil etish samaradorligi va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, avtobus yo‘nalishlarini optimallashtirish va harakat tarkibining maqbul miqdorini aniqlab olishdan iborat.

Yo‘lovchilardan yo‘l haqini o‘z vaqtida amalga oshirish va konduktorlardan bir martalik chiptani berishni so‘rashi talab qilinadi.

Ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifati bo‘yicha shikoyat va takliflarni «Toshshahartransxizmat» kompaniyasiga tashkilot sayti yoki 1062 ishonch raqami orqali ham yuborish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2014 yil bahorida O‘zbekiston poytaxtida yo‘lovchi transportining barcha turlari, jumladan metro, avtobuslar, tramvay va yo‘nalishli taksilarda yo‘lovchilar oqimini o‘rganish bo‘yicha kompleks tadqiqot o‘tkazilgan edi.