Facebook, Microsoft, Twitter va YouTube singari yirik ijtimoiy tarmoqlar va platformalar terrorist va ekstremistlarning Jahon o‘rgimchak to‘rida «xavfsiz boshpana» topishiga yo‘l qo‘ymaslikka xizmat qiluvchi terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha Global internet-forum yaratilishi haqida e’lon qildi.

BMT Yangiliklar markazining xabariga ko‘ra, yangi hamkorlikda asosiy e’tibor terroristlar haqidagi umumiy ma’lumotlar bazasini yaratish, xavfli kontentni aniqlash va toifalash bo‘yicha yangi usullarni ishlab chiqish hamda amalga tatbiq etishga qaratiladi. Ommaviy ijtimoiy tarmoqlar rahbarlari «terroristik kontent"ni aniqlash bo‘yicha tadqiqotlarni jadallashtirish, terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha ekspertlar, jumladan hukumatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan axborotlar almashishga va’da berishdi.

Global forum tashabbuskorlari BMT bilan hamkorlikda Silikon vodiysi va butun dunyoda internetda terrorizmga qarshi kurashni faollashtirishni muhokama qilish uchun seminarlar turkumini o‘tkazishni mo‘ljallamoqda.