O‘zbekiston Prezidenti SHAvkat Mirziyoyev 27 iyun kuni mamlakatda elektr energiyasi va tabiiy gaz hisobini yuritish va nazorat qilish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizimni joriy etish bo‘yicha takliflarni tayyorlash yuzasidan ishchi komissiyasini tuzish ko‘zda tutilgan farmoyishni imzoladi.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov boshchilik qiladigan ishchi komissiyaga ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rgangan holda umumiy tizimga birlashtirilgan avtomatlashtirilgan tizimlar va uskunalar hisobini yuritish bo‘yicha yagona normativ-texnik talablar, davlat standartlarini tasdiqlash yuzasidan takliflarni tayyorlash vazifasi topshirildi.

O‘rganishlar natijalari asosida O‘zbekistonda avtomatlashtirilgan tizimlarni joriy etishning asoslangan konsepsiyasi ishlab chiqilishi lozim. Chet el hamkorlarini jalb etgan holda elektr energiyasi va gaz hisobini yurituvchi zamonaviy elektron uskunalar, ular uchun tegishli dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish belgilandi.

Avtomatlashtirilgan tizimlarni joriy etish bo‘yicha loyihalarga mahalliy ishlab chiqaruvchilar va moliyaviy mablag‘larni jalb qilish rejalashtirilgan. Jumladan, transport-logistika xizmatlari, radio va mobil aloqa xizmatlarini takomillashtirish hisobidan mamlakatda avtomatlashtirilgan tizimlarning samarali faoliyati uchun zarur bo‘lgan infratuzilmalarni rivojlantirish lozim.

Avtomatlashtirilgan tizimlarni joriy etish bo‘yicha katta tajribaga ega yetakchi xorij kompaniyalar bilan muzokaralar olib borish, shu kabi tizimlarni joriy etish bo‘yicha ilg‘or tajribalar, qonunchilik amaliyotini o‘rganish maqsadida O‘zbekiston mutaxassislarining chet el safarlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Prezident devoniga ikki oy muddat ichida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan aniq takliflar va normativ-huquqiy aktlar loyihalari kiritilishi lozim.