27 iyun kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan Vengriyaning tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Peter Siyarto bilan uchrashdi.

TIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, 2016 yilning oktyabr va dekabr oylarida Brussel va Gamburg shaharlarida bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama uchrashuvlarning davomi sifatida tashqi siyosat idoralari rahbarlari O‘zbekiston-Vengriya munosabatlarining siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

Davlatlararo hamkorlikni yanada kengaytirish, biznes hamjamiyati, ilmiy doiralar, ta’lim muassasalari vakillari, madaniyat va san’at faollari o‘rtasida aloqalarni mustahkamlashdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi ta’kidlandi.

Uchrashuvda moliya, qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va ta’lim sohalarida istiqbolli qo‘shma loyihalar amaliy jihatdan muhokama qilindi. Xususan, Vengriya tomoni o‘zbekistonlik talabalar ta’lim olishlari uchun yiliga 30 ta stipendiya ajratishni rejalashtirmoqda.

Suhbat davomida qayd etilganidek, bugun bo‘lib o‘tadigan Vengriyaning Toshkent shahridagi elchixonasining rasmiy ochilish marosimi ikki tomonlama aloqalarni tizimli asosda mustahkamlash va ko‘p qirrali tus berishga imkon yaratadi.

Vazirlar mintaqa va xalqaro maydondagi kun tartibga ham alohida e’tibor qaratdilar.

Muzokaralar yakunlanganidan so‘ng O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan Vengriya Inson resurslari vazirligi o‘rtasida 2017−2020 yillarga mo‘ljallangan sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim vazirlar tomonidan imzolandi.