O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarini 27 iyunda nishonlanadigan kasb bayrami bilan tabrikladi.

OAV soni haqida qisqa statistikani (1500 dan ziyod OAV, jumladan 400 dan ziyod veb-sayt, 118 ta nashriyot va 1760 matbaa korxona) keltirib o‘tarkan, davlat rahbari ushbu «miqdor ko‘rsatkichlarini sifat ko‘rsatkichlariga aylantirish» dolzarb muammo bo‘lib qolayotganini ta’kidlab o‘tdi.

«Xalq bilan muloqot, odamlarning orzu-intilishlari, dardu tashvishlari bilan yashash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilayotgan bugungi kunda har bir ommaviy axborot vositasi chinakam muloqot maydonchasiga, erkin fikr minbariga aylangan taqdirdagina biz o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erisha olamiz», — dedi Prezident.

«Ayniqsa, hayotimizdagi mavjud muammolarni, joylarda tashkil etilgan Prezidentning Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonada aholi tomonidan ko‘tarilayotgan o‘tkir va dolzarb masalalarni, ularning sabab va omillarini ochib berish, jamiyatimizda tanqid va o‘zini o‘zi tanqid ruhini kuchaytirish, afsuski, ommaviy axborot vositalari faoliyatida hali to‘la o‘z ifodasini topgani yo‘q», — deya ta’kidladi u.

«Bugun zamon shiddat bilan o‘zgarmoqda. Hayot barchamizdan dadil harakatlarni, faol tashabbuslarni, hamma sohada haqqoniy va odil munosabatni talab etmoqda. Ko‘pni ko‘rgan, sabr-toqatli, mehnatkash va olijanob xalqimiz amalga oshirilayotgan ana shunday muhim o‘zgarishlarning natijasini kutmoqda», — deb davom ettirdi Shavkat Mirziyoyev.

U el-yurtning ezgu orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish, bu yo‘lda g‘ov bo‘lib turgan turli to‘siqlarni, byurokratizm, loqaydlik, ta’magirlik, korrupsiya kabi salbiy illatlarni dadillik bilan ko‘tarib chiqib, ularga qarshi murosasiz jamoatchilik fikrini shakllantirishni o‘z kasbi, o‘z hayotining ma’no-mazmuni deb biladigan jurnalistlarni men haqiqiy jurnalist deb hisoblashini aytib o‘tdi.

«Buning uchun ommaviy axborot vositalari vakillaridan nafaqat professional bilim va malaka, hayotiy tajriba, o‘z so‘zi uchun mas’uliyat hissi, ayni vaqtda yuksak grajdanlik pozitsiyasi, ma’naviy jasorat ham talab etiladi. Bunday maqsadga erishish uchun ommaviy axborot vositalariga qonunchilik nuqtai nazaridan, moddiy-texnik, o‘quv-uslubiy ta’minot nuqtai nazaridan yanada keng imkoniyatlar yaratib berishimiz kerak», — dedi Prezident.