O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 iyun kuni O‘zbekiston davlat mustaqilligining 26 yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

«1 sentyabr — Mustaqillik kuni mamlakatimiz istiqlolga erishgan, jahon xaritasida yangi, mustaqil va suveren davlat — O‘zbekiston Respublikasi paydo bo‘lgan, xalqimizning asriy orzu-intilishlari ro‘yobga chiqqan buyuk tarixiy sana bo‘lib, el-yurtimiz tomonidan eng ulug‘, eng aziz bayram sifatida doimo katta shodu xurramlik bilan nishonlanib keladi», — deyiladi hujjatda.

«Buyuk va bebaho ne’mat — mustaqillikning milliy taraqqiyotimiz, bugungi va kelgusi avlodlar taqdiri, kelajagi uchun beqiyos ahamiyati yillar o‘tishi bilan tobora ortib bormoqda. O‘zbekistonning davlat mustaqilligi xalqimizning milliy manfaatlarini, tinch va osuda hayotini ta’minlash, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishning mustahkam poydevori bo‘lib kelmoqda», — deya qayd etiladi hujjat matnida.

Respublika komissiyasiga «Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!» degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturini ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

Mazkur dastur 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategisi hamda «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturining ma’no-mazmunidan kelib chiqqan holda tayyorlanishi zarur.

Yozda mamlakat mustaqilligi tarannum etishga qaratilgan eng yaxshi qo‘shiq va musiqa asarlari uchun «Yagonasan, muqaddas Vatan!» respublika tanlovining yakuniy bosqichini o‘tkazish rejalashtirilgan. Avgustning birinchi yarmida yosh ijrochilar o‘rtasida O‘zbekiston Prezidentining yosh iste’dodlar uchun «Nihol» mukofotiga nomzodlarning respublika saralash bosqichini hamda g‘oliblar ijrosidagi konsert dasturi, shuningdek, «Eng ulug‘, eng aziz», «Seni kuylaymiz, zamondosh!», «Ranglar jilosida — ona diyor», «Vatan uchun yashaylik!» kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlari o‘tkaziladi.

Barcha hududlarda mustaqillik bayramiga bag‘ishlab aholining keng qatlamlari o‘rtasida ma’rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, madaniy tadbirlar o‘tkazish maqsadida taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar va san’atkorlardan iborat ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot guruhlari tashkil etiladi.

Bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar bo‘yicha yuksak mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilar, folklor san’ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etiladi.