Aralash yakkakurash janglari ustasi o‘zbekistonlik Mahmud Murodov (11−6−0) 25 iyun kuni Chexiyaning Praga shahrida XFN 3 musobaqasida bellashuv o‘tkazdi. Sportchi XFN (X Fight Nights) talqini bo‘yicha vaqtinchalik chempion maqomini qo‘lga kiritdi, deb xabar qilindi tashkilotning Facebook’dagi rasmiy sahifasida.

84 kg gacha vazn toifasida o‘zbekistonlik sportchiga xorvatiyalik Zoran Dod (9−8−0) raqib bo‘ldi. Uch raund yakunlariga ko‘ra Mahmud Murodov hakamlar tomonidan bir ovozdan g‘olib deb topildi.

Gollandiyalik Devid Ramires (6−3−0) XFN’ning amaldagi chempioni hisoblanadi. Avvaliga Murodov u bilan jang olib borishi kerak edi, ammo Ramiresdagi jarohat sababli o‘zbekistonlik sportchi Zoran Dodga qarshi ringga ko‘tarildi.

Endilikda Murodov World Kickboxing Network tashkiloti talqini bo‘ycha qit’alararo chempion, Caveam talqini bo‘yicha jahon chempioni va XFN talqini bo‘yicha vaqtinchalik chempion hisoblanadi. U boks bo‘yicha 12 karra jahon chempioni amerikalik kichik Floyd Meyvezerga tegishli bo‘lgan The Money Team (TMT) klubida ham jang olib boradi.

Video

Foto