O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 iyun, Ramazon hayitining birinchi kuni Toshkent shahar ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasini borib ko‘rdi, deb xabar qildi O‘zA. Bu yerda hozir qurilish-rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. 2015−2016 yillarda 4 yangi bino foydalanishga topshirildi. Ikki qavatli yana bir korpus qurilmoqda. Prezident shifoxona eski binolarini yangilash borasidagi loyihalar bilan tanishdi. Bemorlarga yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Shifoxonada 18 bo‘lim tashkil etilgan. Klinik-biokimyo laboratoriyasi, rentgen, UTT, ensefalografiya, ekspertiza xonalari zarur vosita va malakali mutaxassislar bilan ta’minlangan. Shifoxona Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining ruhiy kasalliklar kafedralari uchun klinik baza hisoblanadi.

Bemorlarga munosib sharoitlar yaratish kerak, dedi davlat rahbari. Shifoxonaning tashqi va ichki ko‘rinishini tartibga keltirish, bu yerda ishlayotgan tibbiyot xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, xususan, ularni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumanidagi «Muruvvat» uyida ham bo‘lib, bemorlar uchun yaratilgan sharoit bilan tanishdi.

Internat uyi 1979 yilda qurilgan. Internatda ruhiy kasal nogiron erkaklar davolanadi.

Bugungi kunda bino va uning konstruktiv elementlarining texnik holati ta’mirtalab. Davlatimiz rahbariga mazkur internat hududini kengaytirish va qo‘shimcha binolar qurish loyihasi haqida ma’lumot berildi.

Ulug‘ ayyom kunlari bunday savob ishlarni qilish, bemorlar holidan xabar olish har birimizning e’tiborimizda bo‘lmog‘i zarur, dedi davlatimiz rahbari.

Prezident mazkur shifoxona hududi yonida qo‘shimcha qurilish ishlari olib borish, kasalliklarning turiga qarab alohida binolar qurish va joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.