28 iyun kunidan qayta moliyalash stavkasi yillik 14 foizgacha ko‘tariladi. Bu haqdagi qaror Markaziy bank Boshqaruvining pul-kredit siyosati chora-tadbirlarining iqtisodiyotda narxlar barqarorligini ta’minlashdagi samaradorligini muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishi yakuni bo‘yicha qabul qilindi.

Qayd etilishicha, mazkur qaror o‘tgan davr mobaynida inflyatsiya sur’atlarining tezlashgani va inflyatsiya xavfining o‘sishini cheklash zaruriyati paydo bo‘lgani bilan asoslanmoqda.

Qayta moliyalash stavkasi 2015 yilning 1 yanvaridan buyon 9 foizni tashkil etib kelayotgan edi.

Mutaxassislarning ma’lum qilishlaricha, Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi, bu — MBning respublikadagi boshqa banklarga taqdim qiladigan puliga qo‘yilgan to‘lov foizidir. Deylik, MB tijorat banklariga yillik 14 foiz miqdorida kredit ajratadi. Tijorat banklari esa unga o‘z ustamalarini qo‘shgan holda aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga taqdim etadi.

Qayta moliyalash stavkasi foizlari iqtisodiyotning umumiy ahvoli va mamlakatdagi inflatsiya darajasidan kelib chiqib belgilanadi. Inflyatsya darajasi qancha yuqori bo‘lsa, qayta moliyalash stavkasi ham shuncha baland bo‘ladi.