Sentyabrda O‘zbekiston futbol federatsiyasi (O‘FF) o‘zbek futbolini rivojlantirish bo‘yicha yangi konsepsiyani qabul qiladi. Bu haqda chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klubda federatsiya bosh kotibi Sardor Rahmatullayev ma’lum qildi.

«Sentyabrda O‘FFning navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Unda federatsiyaning yangi rahbarlar tarkibi saylanadi. Yangi tuzilma, yangi rahbarlar tarkibi, Professional futbol ligasidagi o‘zgarishlar, bolalar va kattalar futbolini rivojlantirish — bular 2017−2020 yillarga mo‘ljallangan dasturdan o‘rin olgan», — dedi Sardor Rahmatullayev.

Milliy terma jamoaning jahon chempionati-2018 saralash bosqichidagi chiqishlari to‘g‘risida so‘zlar ekan, u xatolar mavjudligini tan oldi, biroq O‘FF va murabbiylar shtabi mundialga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish uchun barcha kuchlarni safarbar qilishini ta’kidladi.

«Bosh murabbiy Samvel Babayan bilan shartnoma saralash bosqichi yakuniga qadar imzolangan, agar u o‘ziga yuklangan vazifani bajara olmasa, iste’foga chiqishi mumkin. Lekin ayni paytda JCH chiqishimiz uchun juda yaxshi imkoniyatlar mavjud. Bu imkoniyat o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmadi. Bunda murabbiylik guruhining roli katta», — ta’kidladi O‘FF bosh kotibi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, JCH ga chiqish kurashidagi asosiy raqib — Janubiy Koreyaning ko‘rsatkichlari hozircha yaxshi emas. «Osiyo yo‘lbarslari» taqdiri ularga bog‘liq bo‘lmagan bir paytda O‘zbekiston jamoasida vaziyat boshqacha: «barchasi o‘z qo‘lida».