22 iyun kuni Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li hamda Qamchiq tunnelining rasmiy ochilganiga roppa-rosa bir yil to‘ldi. Bir yil muqaddam O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin rasmiy ochilish marosimida ishtirok etib, «O‘zbekiston» yo‘lovchi poyezdining Qamchiq tunnelidan o‘tishiga ruxsat beruvchi semaforni yoqish uchun maxsus tugmani bosgan edi.

Angren — Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasini barpo etishdan maqsad nafaqat Farg‘ona vodiysi viloyatlari va mamlakatning boshqa hududlari o‘rtasida temir yo‘l orqali yuk va yo‘lovchi tashish imkoniyatini yaratish, shu bilan birga, Xitoy — Markaziy Osiyo — Yevropa yangi xalqaro tranzit temir yo‘l koridorining eng muhim bo‘g‘ini bo‘lishi ham nazarda tutilgan edi.

Uzunligi 123,1 kilometr bo‘lgan Angren — Pop temir yo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tgan qismida 19,2 kilometrlik tunnel barpo etildi.

Bugungi kunda ushbu temir yo‘l orqali Toshkent — Andijon — Toshkent yo‘nalishida har kuni zamonaviy tezyurar yo‘lovchi poezdlari aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Andijon — Buxoro — Andijon yo‘nalishida haftasiga ikkita yo‘lovchi poyezdi, haftada bir marotaba Andijon — Urganch — Andijon, Andijon — Moskva — Andijon yo‘nalishlarida yo‘lovchi poyezdlari qatnovi tashkil etildi. Bundan tashqari, bir sutkada o‘nlab yuk poyezdi Angren — Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li orqali o‘tib, yuklarni o‘z manziliga yetkazmoqda.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksionerlik jamiyati axborot xizmatining xabar qilishicha, mazkur temir yo‘l orqali shu kungacha 413162 nafardan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatildi, 7,396 mln tonna yuk tashildi. Shuningdek, 1718 ta yangi ish o‘rini yaratildi.