23 iyun kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Pokiston Islom Respublikasining favqulodda va muxtor elchisi Riaz Hussayn Buxarini qabul qildi, deb xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Uchrashuvda Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Sammiti ishida ishtirok etgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri Muhammad Navoz Sharifning 8 iyundagi uchrashuvida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtayi nazaridan O‘zbekiston-Pokiston munosabatlarini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Tomonlar davlatlararo hamda O‘zbekiston va boshqa davlatarning qo‘llab-quvvatlashi natijasida Pokiston to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilingan SHHT formatida hamkorlikni mustahqamlash tarafdori ekanligini tasdiqlashdi.

Vazir to‘rt yillik diplomatik faoliyatini yakunlayotgan Elchining mamlakatimizdagi samarali mehnatini va uning O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalarni mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini qayd etdi.

O‘z navbatida Riaz Hussayn Buxari uning Toshkentdagi diplomatik missiya rahbaridek yuqori va mas’uliyatli lavozimdagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘bekiston rahbariyatiga minnatdorlik izhor etdi.