AKT-Sammit, AKT-Forum, AKT-Ko‘rgazma va boshqa tadbirlarni birlashtirgan an’anaviy ICTWEEK Uzbekistan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi joriy yil 18−22 sentyabr kunlari «O‘zekspomarkaz"da bo‘lib o‘tadi.

ICTWEEK 2017 tashkiliy qo‘mitasidan xabar qilinishicha, ushbu qaror o‘tgan yilgi tadbirlar qatnashchilari va tashrif buyuruvchilarining istak-xohishlari hisobga olingan holda qabul qilindi. Bitta maydondan foydalanish tadbirlar integratsiyasini ta’minlash va ular samaradorligini oshirishga imkon beradi, dedi ICTNEWS Conferences tashkilotchi kompaniya direktori Uyg‘un Tursunxodjayev.

19 sentyabrga mo‘ljallangan ICTSUMMIT soha oldida turgan strategik vazifalar, yangi sharoitlarda AKT biznesini rivojlantirish istiqbollari muhokamasiga bag‘ishlanadi.

Xuddi shu kuni ochiladigan ICTEXPO 2017 ko‘rgazmasida nafaqat milliy, balki jahon AKT sanoati erishgan muvaffaqiyatlar ham taqdim etiladi.

Ikki kunlik ICTFORUM (20−21 sentyabr) milliy internet segment, «Elektron hukumat» tizimi, elektron tijorat, onlayn xizmatlarni rivojlantirish hamda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasi tendensiyalari kabi masalalarni muhokama qilish uchun ekspertlar maydonchasi bo‘lib xizmat qiladi.

AKT haftaligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining rasmiy ko‘magi ostida o‘tkaziladi.

«Gazeta.uz» — ICTWEEK Uzbekistan 2017 haftaligining bosh axborot hamkori.