2017 yil 22 iyun kuni soat 10:20 da Qozog‘iston Respublikasi Oqto‘ba viloyatining Aytekebi tumanidagi Qorabutak posyolkasidan 20 kilometr masofada Samara — Chimkent avtomobil yo‘lining 946-kilometrida Volgograd (Rossiya) — Chimkent (Qozog‘iston) yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan ikki qavatli «Mersedes» rusumli yo‘lovchi avtobusi (davlat raqami N 011 LMM) ag‘darilib ketgan. Avtobusda jami 52 kishi — 50 nafar O‘zbekiston fuqarosi va 2 nafar Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan.

Ushbu yo‘l-transport hodisasi oqibatida 9 kishi (barchasi O‘zbekiston fuqarosi) halok bo‘lgan, 18 kishi jarohat olgan (17 nafari O‘zbekiston fuqarosi, ularning 5 nafari Oqto‘ba viloyatining Aytekebi tumani markaziy shifoxonasiga yotqizilgan).

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi jabrlanganlarning ahvoli va ushbu hodisa bilan bog‘liq boshqa masalalar haqida ma’lumot olish uchun bevosita telefon aloqasi tashkil qildi. Halok bo‘lganlarning jasadini O‘zbekiston Respublikasiga olib kelish uchun Oqto‘ba shahriga maxsus samolyot yuborilgan.

O‘zbekiston rahbariyati halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.