«Paxtakor» FK Shota Arveladze jamoa bosh murabbiyi etib tayinlangani to‘g‘risida e’lon qildi. Bu haqda klubdan «Gazeta.uz"ga xabar qilindi.

Shota Arveladze — o‘z vaqtida Gruziyaning «Dinamo», Turkiyaning «Trabzonspor», Gollandiyaning «Ayaks» va A3, Shotlandiyaning «Reynjers» va Ispaniyaning «Levante» jamoalarida to‘p surgan taniqli futbolchi. 26 ta gol bilan Gruziya termasi tarixida eng yaxshi to‘purar bo‘lgan.

Professional faoliyatini yakunlaganidan so‘ng A3 klubida (Gollandiya) murabbiy Lui van Gal yordamchisi bo‘lib ishlagan. 44 yoshli mutaxassis 2010—2012 yillarda Turkiyaning «Kayserispor» bosh murabbiyi bo‘ldi, 2012 yildan 2015 yilgacha «Kasimpasha» klubini boshqardi. 2016 yil iyunida Isroilning «Makkabi» klubi murabbiyi bo‘lib, 5 yanvarda jamoani tark etdi.

Bundan tashqari, «Paxtakor» 30 yoshli chernogoriyalik himoyachi Marko Simich bilan ham shartnoma imzoladi.

Bosh murabbiy tayinlangani va yangi o‘yinchi bilan shartnoma imzolanganiga bag‘ishlangan ochiq marosim 23 iyun kuni 18:00 da «Paxtakor» stadionida bo‘lib o‘tadi.