O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyati bo‘ylab safari jarayonida Marg‘ilondagi Erkin Vohidov nomi berilgan madaniyat va istirohat bog‘ini rekonstruksiya qilish loyihasi bilan tanishdi, deb xabar qildi O‘zA.

Istirohat bog‘ining maydoni 9 gektardan 16 gektarga yetkazildi. Bog‘ning kirish qismida yozuvchi-ijodkorlar xiyoboni tashkil etish, unga Erkin Vohidovning haykalini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

Turli tadbirlar o‘tkaziladigan amfiteatr, osh markazi va boshqa infratuzilma ob’ektlari barpo etish belgilangan. Erkin Vohidov nomidagi yosh ijodkorlar maktabi ochiladi. Bundan tashqari, bog‘da turli attraksionlar o‘rnatilib, bir necha choyxona aholiga xizmat ko‘rsatadi. Istirohat bog‘iga turli mevali va manzarali daraxtlar, gullar ekiladi.

Prezident qahramon shoir nomi bilan ataladigan ushbu bog‘ har tomonlama mukammal bo‘lishi, uni yoshlar ma’naviyatini yuksaltiradigan maskanga aylantirish, xiyobonga Erkin Vohidovning eng sara she’rlaridan namunalar yozilgan lavhalar o‘rnatish zarurligini ta’kidladi. Bu yerga keluvchilar Erkin Vohidov she’rlaridan bahramand bo‘lib, ma’naviy olamini yanada boyitib olsin, dedi davlat rahbari.

Istirohat bog‘iga ekiladigan har daraxtga alohida e’tibor qaratish, zamonaviy attraksionlar o‘rnatish, uni zamonaviy so‘lim maskanlardan biriga aylantirish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.

Shu yerda Farg‘ona viloyati tuman va shaharlari markazlarini zamonaviy shaharsozlik talablari asosida rivojlantirish bosh rejasi, Marg‘ilonda turizmni rivojlantirish dasturi, tijorat banklari tomonidan amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Dastur doirasida uy-joy qurish, sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya tizimlari, ijtimoiy soha infratuzilmasini yanada rivojlantirish sohalarida o‘nlab loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Davlat rahbari Marg‘ilon hunarmandlar markazini tashkil etish, soha xodimlari uchun qulay soliq imtiyozlari, zarur shart-sharoitlar yaratish, boshqa loyihalarni ham yanada mukammallashtirish, qurilish ishlarini o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.