2016 yilda tashkil etilgan «O‘zagroeksport» ixtisoslashgan tashqi savdo kompaniyasining yangi meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorga yetkazib berishdagi monopoliyasi bekor qilindi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning 21 iyundagi «Mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy faoliyatni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida ko‘zda tutilgan.

1 iyuldan boshlab barcha tadbirkorlik sub’ektlariga yangi meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlari haqini oldindan 100 foiz to‘lash sharti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida eksport qilishga ruxsat etiladi.

Qarorga berilgan rasmiy sharhda keltirilishicha, meva-sabzavot mahsulotlari eksporti sohasidagi faoliyat tahlili foydalanilmayotgan katta salohiyat saqlanib qolinayotganligi va meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari eksport faoliyatida keng ko‘lamda ishtirok etishlari uchun byurokratik to‘siq mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Ushbu choralar meva-sabzavot mahsulotlarining eksportini kengaytirish bilan birgalikda dehqon va fermer xo‘jaliklarini tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, yer resurslaridan samarali foydalanish, shu jumladan, takroriy ekinlar ekish hisobiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligini oshirishga rag‘batlantiradi.

Shu bilan birga, mahalliy meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish uchun chet elda qabul qilingan me’yor va standartlarga mahsulotlarning muvofiqligini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish talab etiladi. Shu maqsadda Prezident qarori bilan Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga bir oy muddatda milliy qonunchilik hujjatlariga xalqaro karantin qoidalarini tatbiq etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirildi.

Qaror bilan nafaqat mahsulot ishlab chiqaruvchilarga, balki mahsulotlarni chet elga eksport qilishda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ko‘maklashadigan tashqi savdo tashkilotlariga ham eksport faoliyatini amalga oshirishda teng sharoitlar yaratildi. Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchi-eksport qiluvchilar uchun qo‘llaniladigan amaldagi qonunchilikda ko‘zda tutilgan imtiyoz va qulayliklar endilikda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanadigan barcha tadbirkorlik sub’ektlariga tatbiq etiladi. Bu eksport bilan tegishli tajriba va zarur mablag‘larga ega, doimiy ravishda jahon bozori kon’yunkturasini kuzatib boradigan hamda tashqi bozorlarda ishonchli hamkorlari bor ixtisoslashgan kompaniyalarning mahsulotlar eksporti bilan shug‘ullanishi xalqaro amaliyotga to‘liq mos keladi.

Bundan tashqari, ushbu me’yorning tatbiq etilishi zamonaviy marketing usullaridan, shuningdek, tashqi savdo kompaniyalarining imkoniyat va afzalliklaridan maksimal foydalanish imkonini beradi, bu o‘z navbatida respublikamiz eksport salohiyatini sezilarli darajada kuchaytirishga, eksport geografiyasi va mahsulotlar eksporti nomenklaturasini kengaytirishga olib keladi.

Shuningdek, hujjatda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshiradigan tadbirkorlik sub’ektlarining ruxsat olish tartibidan o‘tishdagi, shu jumladan, mahsulotlarga muvofiqlik sertifikatlarini rasmiylashtirish muddatlarining cho‘zilib ketishi kabi ayrim qiyinchiliklar yuzasidan ko‘plab davlat organlariga murojaatlarning yechimi o‘z aksini topgan. O‘zbekiston Prezidentining qarori bilan bundan buyon sertifikatlash idoralari tomonidan ishlab chiqariladigan va chetdan olib kiriladigan mahsulotlarga muvofiqlik sertifikatlari 3 ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda rasmiylashtirilishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Shu bilan birga, qarorda tashqi bozorlardagi noqulay kon’yunktura sharoitida o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni tannarxidan past narxda eksport qilishga majbur bo‘lgan korxonalar uchun soliq yukini kamaytirish chorasi nazarda tutilgan. Shunday qilib, Maxsus ekspert komissiyasining xulosalari asosida tannarxidan past narxlarda eksport qilingan tovarlardan (ish, xizmat) tushum ularning amaldagi sotuv narxlaridan kelib chiqqan holda soliqqa tortiladi, bu ishlab chiqaruvchiga soliqdan ozod bo‘lgan mablag‘lar ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning tannarxini yanada pasaytirish bo‘yicha choralarni amalga oshirish imkonini beradi.