Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 iyun kuni «O‘zbekiston Respublikasi aholisiga 2017−2021 yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Hujjatga berilgan rasmiy sharhda keltirilishicha, mazkur sohada aniq va tezkor chora-tadbirlar ko‘rishni talab etadigan qator tizimli masalalar mavjud.

Xususan, sog‘liqni saqlash tizimining viloyat va tuman darajalarida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni rivojlantirishda sezilarli darajada qoloqlik kuzatilmoqda. Mintaqalarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga tashkiliy-metodik rahbarlikning samarali vertikalini shakllantirishda respublika ixtisoslashtirilgan muassasalarining roli pastligicha qolmoqda.

«Diagnostika va davolashning respublika muassasalarida sinovdan o‘tgan ilg‘or yuqori texnologik usullar viloyat va tuman darajasidagi tibbiyot muassasalari faoliyatiga sust joriy etilmoqda. Tibbiyotning ixtisoslashtirilgan yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘lga kiritilgan mahalliy va xorijiy ilmiy yutuqlarni viloyat va tuman tibbiyot muassasalari amaliyotiga joriy etish darajasi past», — deyiladi sharhda.

Qarorda respublikaning ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamini yanada rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlarini belgilash, uning geografiyasini tuman (shahar) darajasigacha kengaytirish, hududiy ixtisoslashgan tibbiyot tashkilotlariga tashkiliy-metodik rahbarlik qilish uchun respublika ixtisoslashtirilgan markazlarining mas’uliyatini oshirish, ularning amaliyotiga tibbiy yordamning zamonaviy usullari va texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari nazarda tutilgan.

Quyidagilarni nazarda tutgan holda ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi barcha darajalarda isloh qilinadi:

  • respublika darajasida — ixtisosli yo‘nalishlar bo‘yicha eng zamonaviy yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar ko‘rsatish;
  • viloyat darajasida — ixtisosli yo‘nalishlar bo‘yicha zamonaviy yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar ko‘rsatish;
  • tuman (shahar) darajasida — yangidan tashkil etiladigan ixtisoslashtirilgan turdosh bo‘limlar negizida ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar ko‘rsatish;
  • birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini tashkil etish darajasida — maxsus tasdiqlangan jadval bo‘yicha tuman (shahar) va viloyat darajasidagi tashkilotlarning tor ixtisosli mutaxassislari tomonidan konsultatsiyalar berilishini, shuningdek, davolash va konsultativ-diagnostika yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamning ayrim turlarini ko‘rsatish.

Qarorda, shuningdek, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimida respublika bo‘yicha va har bir mintaqada kasalliklar tendensiyalarini o‘z vaqtida aniqlashni ta’minlaydigan zamonaviy tahliliy va ilmiy-tadqiqot ishlarini keng qo‘llash nazarda tutilgan.

Yetakchi respublika ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika tashkilotlari respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlariga aylantirilib, ularning asosiy vazifalari belgilandi.

O‘z ixtisosligi bo‘yicha yagona metodik, texnologik, davolash va profilaktika siyosatini amalga oshirish, zamonaviy tibbiyot uskunalari va texnologiyalariga, dori vositalari va tibbiy buyumlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash, klinik protokollarni, shu jumladan, tegishli tibbiyot hujjatlarini ishlab chiqish, axborot va tahliliy materiallarini nashr etish, sayyor maslahat berishlarni, mahorat darslarini, shuningdek, birinchi navbatda eng murakkab holatlarda hududiy ixtisoslashgan tibbiyot tashkilotlarida operatsiyalarni muntazam ravishda o‘tkazish orqali mintaqalarda zarur profilaktika ishlari olib borilishiga ko‘maklashish markazlarning asosiy vazifalari etib belgilangan. Bundan tashqari, markazlar Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti tibbiyot xodimlarining, ixtisoslashgan hududiy tibbiyot tashkilotlari xodimlarining malakasini tizimli ravishda oshiradi, shuningdek, klinik ordinaturada, tayanch doktoranturada va doktoranturada tor mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlarni tayyorlaydi, yetakchi xalqaro tibbiyot markazlari, klinikalar va yuqori malakali xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlik qiladi, shu jumladan, maslahatlashuvlar va mahorat darslari o‘tkazish uchun ularni respublikaga taklif etadi, sog‘liqni saqlash tizimi mahalliy mutaxassislarining chet elda ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va klinikalarida tajriba orttirishini ta’minlaydi.

Qaror bilan aholiga ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sxemasi va aholining sifatli va samarali ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlardan foydalanishini kengaytirishga, Respublika markazlarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirishga, ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar ko‘rsatuvchi tibbiyot tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga, tibbiyot kadrlari tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirishga, aholiga ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirishga, profilaktika, diagnostika va davolashning zamonaviy usullarini joriy etishga yo‘naltirilgan huquqiy bazani takomillashtirishga yo‘naltirilgan 2017−2021 yillarda O‘zbekiston aholisiga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlanadi.

Qarorga muvofiq, 2018 yil 1 yanvargacha imtiyozli toifa alohida hisobga olingan holda tegishli ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlardan, shu jumladan, yuqori texnologik tibbiy yordamdan foydalanishga muhtoj bo‘lgan bemorlarning doimiy yangilanadigan yagona elektron ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. 2019 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda barcha ixtisoslashtirilgan markazlarda, viloyat filiallarida, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida vrach qabuliga masofadan yozilish imkonini beradigan elektron dastur joriy etiladi.

2022 yil 1 yanvargacha aholiga pulli tibbiy xizmatlar ko‘rsatuvchi (stomatologiya va kosmetologiya xizmatlaridan tashqari) sog‘liqni saqlash tizimi davlat tibbiyot tashkilotlarini soliqlarning barcha turlarini va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni to‘lashdan, shuningdek, belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha chetdan olib kelinadigan yangi tibbiyot uskunasi, butlovchi buyumlar, tibbiyot uskunasiga ehtiyot qismlar va sarflash materiallari uchun bojxona to‘lovlari to‘lashdan ozod etish nazarda tutilgan. Bo‘shagan mablag‘lar tibbiyot tashkilotlarini zamonaviy tibbiy, muhandislik-texnika uskunasi bilan jihozlashga hamda unga servis va texnik xizmat ko‘rsatishga, ehtiyot qismlar, sarflash materiallari, inventar va boshqa tibbiy buyumlarni xarid qilishga, yangi binolar va inshootlar qurishga, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlashga yo‘naltiriladi.

Qarorda davolanish uchun chet elga jo‘nab ketayotgan O‘zbekiston fuqarolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilishning ta’sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish, mahalliy mutaxassislarning amaliy va nazariy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida xorijiy yetakchi olimlar, vrachlar va mutaxassislarni shartnoma asosida respublikaga jalb etishga alohida e’tibor qaratilgan.

Dastur doirasida 2017−2021 yillarda O‘zbekistonda ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarni yanada rivojlantirish maqsadida 373,5 milliard so‘m va 100 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, shundan 60 milliard so‘m mablag‘ Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlashga va 97 million AQSH dollari respublika va hududiy ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarini jihozlashga yo‘naltiriladi.