O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining (SSP) navbatdan tashqari sessiyasida Adham Ikromov uning raisi etib tayinlandi.

Qurultoy ishida bosh vazir Abdulla Aripov ishtirok etdi. Mamlakat Prezidenti tomonidan tavsiya etilgan nomzod Adham Ikromovni tanishtirarkan, hukumat rahbari u bilan uzoq yillar birga ishlagani va juda mas’uliyatli inson ekani, eng murakkab vazifalarni ham bajarish qobiliyatiga egaligini ta’kidlab o‘tdi.

Adham Ikromov 1997 yildan turli rahbar lavozimlarida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Jumladan, sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari va sog‘liqni saqlash vaziri, bosh vazir o‘rinbosari, so‘nggi vaqtlarda esa — Prezident davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari, bir vaqtning o‘zida Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori lavozimida faoliyat ko‘rsatdi.

11 yil davomida — 2006 yildan buyon SSPni boshqarib kelgan Alisher Shayxov, tahririyatdagi ma’lumotlarga ko‘ra (rasman tasdiqlangani yo‘q), O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi bo‘ladi.

Qurultoyda SSP raisining to‘rt nafar o‘rinbosari ham saylandi. Bunga qadar Bosh prokuraturaning fuqarolar huquq va erkinligi, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish boshqarmasini boshqarib kelgan Islam Jasimov birinchi o‘rinbosar lavozimiga saylandi.

Deputat, Qonunchilik palatasining byudjet va iqtisodiy islohotlar Qo‘mitasi a’zosi O‘tkir Bo‘tayev, SSPning Samarqand hududiy boshqarmasi rahbari Jamshed O‘roqov va Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm Qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Botirjon Asadov o‘rinbosarlikka saylandi.