Oktyabr oyidan muomalaga kiritilishi lozim bo‘lgan yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi shaxsni tasdiqlovchi rasmiy hujjat maqomiga ega bo‘ladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 19 iyundagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Hujjat bilan hukumatning 2 martdagi «Milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning yangi namunalarini joriy yetish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz"da may oyida qog‘oz shaklidagi haydovchilik guvohnomasini shunchaki plastik ko‘rinishga almashtirish o‘rniga smart-karta bazasida «aqlli» guvohnomalar joriy etish taklifi bildirilgan maqola e’lon qilingan edi. Yangi qarorda qanday yaxshilanishlar ko‘zda tutilgan?

Yangilangan matnda keltirilishicha, guvohnomada jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami hamda qurilmalar bilan masofadan turib ma’lumot almashishga imkon beruvchi maxsus elektron belgi (NFC smart-kart) mavjud bo‘ladi.

Xuddi shunday elementlar avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomada ham bo‘ladi (yuridik shaxsning transport vositasi uchun shaxsiy identifikatsiya raqami o‘rniga soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami bo‘ladi).

Hujjatda aniqlik kiritilishicha, har ikki guvohnoma tavsiya etilgan xalqaro standartlar asosida tayyorlanadi. Ularda ingliz tilidagi tarjima yaxshilangan bo‘lib, ayrim elementlarning joylashuvi qayta ko‘rib chiqilgan.

Guvohnomalarni yangi namunadagilari bilan almashtirish uchun haydovchi pasporti, eski haydovchilik guvohnomasi va unga berilgan talonni taqdim etishi kifoya qilishi belgilandi.

Guvohnomalarda elektron tizim joriy etilishi munosabati bilan 2021 yil 1 yanvardan boshlab texnik ko‘rikdan o‘tganlik to‘g‘risidagi qaydni majburiy kiritish, avtotransport vositasidan foydalanish yoki unga egalik qilish to‘g‘risidagi ishonchnoma hamda transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash polisini talab qilish amaliyoti bekor qilinadi.

Ichki ishlar tizimida davlat xizmatlarini ko‘rsatish darajasini yaxshilash uchun IIV huzurida Innovatsion loyihalar va aholiga servis xizmatini ko‘rsatish markazi tashkil etiladi.