2018 yildan boshlab O‘zbekiston fuqarolari uchun kichik haj ziyorati (umra) kvotasi yiliga 6 mingdan 10 mingga oshiriladi. 7 iyun kuni Vazirlar Mahkamasining shu haqdagi qarori qabul qilindi.

Hujjatda qayd etilishicha, mazkur qaror fuqarolarning «Umra» safariga borishlari uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish maqsadida qabul qilindi.

Hujjatda haj va umra safarini tashkil etishda qator yangilik va imtiyozlar ko‘zda tutilgan. Jumladan, «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasiga ziyoratchilar uchun aviachiptalar narxini kamaytirish vazifasi topshirildi. Ziyoratga borish uchun navbatda turgan ziyoratchilarning doimiy yashash joyi o‘zgargan taqdirda, ularning avvalgi manzili bo‘yicha navbati saqlanib qolishi belgilandi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasiga joylardagi hukumat organlari bilan birgalikda haj va umra safarlariga boradigan fuqarolar ro‘yxatining xolisona va ijtimoiy adolat mezonlari asosida shakllantirilishi hamda muqaddas ziyoratlarni tashkil qilishda belgilangan tartibga qat’iy rioya etilishini ta’minlash topshirildi.

Ikki oy muddatda Musulmonlar idorasi saytida haj va umra safariga boradigan ziyoratchilarning yagona onlayn navbat tizimi shakllantiriladi.

Toshkent, Nukus va O‘zbekistonning barcha viloyatlari markazlarida fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishning barcha bosqichlari markazlashtirilgan holda bitta tibbiyot muassasasida bepul amalga oshiriladi.

2017 yilda O‘zbekistondan Saudiya Arabistoniga ziyoratchilar uchun ajratiluvchi umumiy kvota miqdori 2016 yil bilan solishtirilganda 20 foizga oshirilib, 13,2 ming nafarga yetkazilgan edi. Jumladan, haj ziyorati uchun kvota 1,4 barobarga oshirilib, 7200 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, umra uchun bu miqdor 6000 darajasida (5350 kishi bahorgi, 650 kishi yozgi mavsumda) saqlab qolingan edi.