O‘zbekistonda Savdo-sanoat palatasi (SSP) faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini tubdan qayta ko‘rib chiqish yo‘li bilan tadbirkorlik sub’ektlari manfaatlari va huquqlarini huquqiy himoya qilishning yangi mexanizmlari joriy etiladi. Bu Prezidentning 19 iyundagi farmonida ko‘zda tutilgan.

Farmonga ko‘ra, SSP normativ-huquqiy aktlar loyihalarining tadbirkorlik faoliyatiga ta’siri bo‘yicha xulosa beruvchi vakolatli organ sifatida belgilandi.

Nazorat organlarining o‘tkazilishi rejalashtirilgan tekshiruvlar to‘g‘risida SSPni o‘z vaqtida ogohlantirish tartiblari joriy etiladi. Shuningdek, davlat organlari, xususan nazorat va huquqni muhofaza qilish organlari huzurida tashkil etiladigan jamoat maslahat kengashlari tarkibiga SSP vakillarining kiritilishi belgilandi.

Muammoli masalalar, biznes g‘oyalar va loyihalarni muhokama qilish uchun tizimli asosda Prezidentning tadbirkorlar bilan uchrashuvlari, tadbirkorlik hamjamiyati, ilmiy hamjamiyat, hukumat va aholi o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida har yili biznes hamjamiyat, mintaqaviy va xalqaro biznes vakillarining Iqtisodiy forumini o‘tkazib borish rejalashtirilgan.

Xuddi shu kuni Prezident Savdo-sanoat palatasi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorga ham imzo chekdi. Unda SSPning tashkiliy-boshqaruv tuzilmasini tubdan o‘zgartirish ko‘zda tutilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida mamlakatning har bir shahri va tumanida bo‘linmalariga ega bo‘lgan Tadbirkorlarga ko‘maklashish markazlarini ochish belgilangan. Ular bir joyning o‘zida davlat organlari va bozor infratuzilmalari sub’ektlarining barcha turdagi xizmatlari va biznes xizmatlarni olish imkoniyatini taqdim etish, zarur sharoitlarni yaratish yo‘li bilan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi.

Xorijiy investorlar, milliy kompaniyalar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlash uchun SSP tuzilmasida Xalqaro tijoriy arbitraj sud tashkil etish bo‘yicha kompleks choralar qabul qilinadi.