O‘zbekistonda huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni joriy etilgan muddat davomida jinoyatlar soni 7,3 foizga kamaydi. Bu haqda IIV Profilaktika bosh boshqarmasi «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Fevral oyi boshida Prezident Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar organlari vakillari bilan yig‘ilishda payshanbani huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni deb deb e’lon qilishni taklif etgan edi. O‘tgan 16 hafta davomida respublika bo‘ylab sodir etilgan huquqbuzarliklar soni o‘tgan yilning shu davridagi 31,8 mingtadan 29,5 mingtaga kamaydi.

Uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar miqdori 5,1 foizga — 10870 tadan 10310 taga, o‘ta og‘ir jinoyatlar — 11,1 foizga (1275 tadan 1134 taga), avval sudlangan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar — 8,1 foizga (3213 tadan 2951 taga), mast holatda — 30,9 foizga (836 tadan 478 taga), jamoat joylaridagi huquqbuzarliklar — 8,76 foizga (1679 tadan 1532 taga) kamaygan.

Qotilliklar soni 19,1 foizga, bosqinchilik hujumlari 13 foizga, tovlamachilik holatlari 9,2 foizga, bezorilik 34,7 foizga va tanaga shikast yetkazish 11,2 foizga kamaygan.

«Davomat» tadbirlari davomida ta’lim muassasalarida sababsiz dars qoldirish bilan bog‘liq 37 ming holat aniqlandi.