O‘zbekistonda xorijiy davlatlarning muzeylari va arxiv fondlarida saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozmalar, san’at asarlari, osori- atiqalarni aniqlash va tadqiq etish, ularni imkon qadar mamlakatga olib kelish bilan shug‘ullanuvchi maxsus markaz tashkil etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining 20 iyunda qabul qilingan qarorida so‘z boradi.

Qarorda milliy va xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda, chet ellarda saqlanayotgan, O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga oid madaniy boyliklarni aniqlash, ularning to‘liq ma’lumotlar bazasi — reyestrini yaratish va uni muntazam yangilab borish, shuningdek, ana shu tarixiy eksponatlarning asl yoki ko‘chirma nusxalarini, foto va videotasvirlarini yurtimizga olib kelish, tegishli ilmiy markazlar, xususan, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti bilan birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borib, erishilgan natijalarni ilmiy muomalaga kiritish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish markazning asosiy vazifalaridan etib belgilandi.

Shuningdek, markaz faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha xorijiy davlatlardagi muzey va fondlar, arxivlar, ilmiy-madaniy muassasalar bilan o‘zaro madaniy aloqalarni yo‘lga qo‘yish, turli anjumanlar, konferensiya va ko‘rgazmalar tashkil etish bilan ham shug‘ullanadi.

Bundan tashqari, chet mamlakatlarda saqlanayotgan madaniy boyliklarni O‘zbekistonga qaytarish yuzasidan muzokaralar olib borish va zarur chora-tadbirlar ko‘rish, bu borada xalqaro miqyosdagi ilg‘or tajribani o‘rganish va amaliyotga joriy etish belgilandi.

Markaz faoliyati natijasida xorijda saqlanayotgan, mamlakat tarixi va madaniyatiga oid madaniy boyliklarning asl yoki ko‘chirma nusxalari, foto va videotasvirlari O‘zbekistonga olib kelinganida (qaytarilganida), zarur ilmiy-tadqiqot ishlari bajarilganidan so‘ng, ular Komissiyaning xulosasiga asosan, tegishli davlat muzeylari tasarrufiga bepul o‘tkazib beriladi.