Yakshanba kuni Toshkentdagi umumta’lim maktablarida 9-sinf bitiruvchilari va ularning ota-onalari o‘rtasida 11 yillik maktab ta’limiga o‘tishga bag‘ishlangan so‘rovnomalar o‘tkazildi.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, xuddi shunday so‘rovnoma 20 iyun kuni O‘zbekistonning boshqa viloyatlaridagi barcha maktablarda bo‘lib o‘tadi.

O‘rganishlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning poytaxtdagi 78-maktabda tajriba tariqasida 11 yillik ta’limni qayta tiklash to‘g‘risidagi taklifi munosabati bilan o‘tkazilmoqda.

Jamoatchilik fikrini o‘rganish uchun so‘rovnoma o‘tkazish rejasi to‘g‘risida shanba kuni O‘zbekiston Banklar assotsiatsiyasi binosida direktorlar bilan uchrashuvda bosh vazir Abdulla Aripov ma’lum qilgan edi.

Ayni paytda O‘zbekistonda o‘rta ta’lim maktablardagi to‘qqiz yillik ta’lim hamda kasb-hunar kollejlari va akademik litseylardagi uch yillik ta’limni o‘z ichiga oladi.