15−18 iyun kunlari Taychjunda (Xitoy Taybey) bo‘lib o‘tgan yunon-rum, erkin va ayollar kurashi bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekiston termasi 15 medalni qo‘lga kiritdi, deb xabar qildi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Hasan Rahimov.

Erkin kurashchilardan Jahongirmirzo Turobov (55 kg gacha) va Hasan Rahimov (120 kg gacha) musobaqa chempioni bo‘ldi. Isa Shapiyev (74 kg gacha) kumush medalini qo‘lga kiritdi. Rustambek Jo‘rayev (50 kg gacha), Abbos Rahmonov (60 kg gacha), Javrail Shapiyev (84 kg gacha) va Ibragim Ilhomjonov (96 kg gacha) bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Umumiy hisobda erkin kurash bo‘yicha milliy jamoa ikkinchi o‘rinni egalladi. Yetakchilikni Eron qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Qozog‘iston sportchilari uchinchi o‘rinni egalladi.

Temurmirza Mamajonov.

Temurmirza Mamajonov (96 kg gacha) yunon-rim uslubida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi, Jalgasbay Berdimuratov (74 kg gacha) kumush medali sohibi bo‘ldi, Jasurbek Artikbayev (50 kg gacha) va Mahmud Baxshilloyev (66 kg gacha) esa bronza medalini qo‘lga kiritdi. Natijada «mumtozlar» Eron, Qozog‘iston va Hindistondan keyin to‘rtinchi o‘rinni egalladi.

Ayollar kurashida Baxtigul Baltaniyazova o‘smirlar o‘rtasida Osiyo birinchiligi vitse-chempioni bo‘ldi. Aktenge Keunimjayeva (48 kg gacha), Nodira Sobirova (51 kg gacha) va Xadicha Najimova (59 kg gacha)bronza medaliga ega bo‘ldi.