«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi mutaxassislari 2017−2018 yillarga mo‘ljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturi ijrosi doirasida fuqarolarning ushbu illatga munosabatini o‘rganishdi.

So‘rovda ishtirok etganlarning yarmidan ko‘pi yoki 56,8 foizi jamiyatda korrupsiya bor, deb hisoblaydi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston, Toshkent, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlari aholisi ko‘proq qayd etgan. So‘rov shuni ko‘rsatdiki, qishloq odamlariga qaraganda shahar aholisi, shuningdek tadbirkorlar, xorijiy tashkilot va firmalar xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari, kollej, litsey va OTM talabalari jamiyatda korrupsiya mavjudligini ko‘proq ta’kidlagan.

76,3 foiz respondentlarning fikricha, mazkur illat hamma joyda emas, balki jamiyatning ayrim sohalarida bor. Tadqiqot natijalari sog‘liqni saqlash (37,6 foiz) va ta’lim (31,4 foiz) sohalariga korrupsiya eng ko‘p kirib borganini ko‘rsatdi.

Har to‘rtinchi respondent ayrim huquq-tartibot organlari korrupsiyalashgan, degan fikrni bildirgan. Bandlik, ijtimoiy ta’minot, kommunal xizmat, bank, soliq va bojxona idoralari, hokimliklar hamda boshqalar faoliyatida ham korrupsiya uchrashi bildirilgan.

Markaz xodimlari muammoning ildizini aniqlashga harakat qilishdi. Respondentlarning 64,4 foizi korrupsiyani huquqiy, 51 foizi iqtisodiy, 46,3 foizi ijtimoiy, 45,8 foizi axloqiy muammo sifatida biladi.

So‘rovda ishtirok etganlarning fikricha, fuqarolik jamiyati keng miqyosda rivojlanmaganligi, jamoatchilik nazorati yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganligi, huquqiy madaniyatning yetarli darajada emasligi kabi muammolar korrupsiyaning turli idoralar faoliyatida keng tarqalishiga sabab bo‘layapti. Mansabdor shaxslar vakolat doirasining kengligi, ularning fuqarolar farovonligi bilan bog‘liq qarorlarni qabul qilishga ta’sir etish imkoniyati ham korrupsiyaning paydo bo‘lishi ehtimolini oshiradi.

Tadqiqot davomida fuqarolarning mansabdor shaxslarni o‘z mavqeidan shaxsiy manfaati uchun foydalanishga undaydigan va korrupsiya huquqbuzarligini amalga oshirish sabablariga nisbatan fikri ayon bo‘ldi. Respondentlar fikriga ko‘ra, o‘z moddiy ahvolini yaxshilab olish hamda boyish istagi mansabdor shaxslarni korrupsiyaga undaydi. Ayni paytda shaxsiy muammolarini hal qilish evaziga fuqarolarning o‘zlari beradigan moddiy mukofot yoki boshqa ko‘rinishdagi hadyalar ham korrupsiyaga yo‘l ochadi.

Jamoatchilik fikri tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki, oxirgi yilda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishda ijobiy tendensiya kuzatilayapti, deb hisoblaydigan fuqarolar soni 9,3 foiz ortgan. Ko‘pchilik buni davlat organlari faoliyati ochiqligi va shaffofligini ta’minlayotgan O‘zbekiston Prezidentining Xalq qabulxonalari instituti joriy qilinishi bilan bog‘lamoqda.

Respondentlarning mutlaq ko‘pchiligi, ya’ni 91,8 foizi korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek, korrupsiyaga yo‘l ochuvchi shart-sharoitlar hamda sabablarni bartaraf etishga qaratilgan sa’y-harakatlarni yuqori baholaydi.

Respondentlarning 65,8 foizi korrupsionerlarning katta qismi qilgan jinoyatlari uchun, albatta, jazosini olishiga ishonchi komil ekanligini bildirgan.

Tadqiqot davomida korrupsiyaga qarshi kurashishning samaradorlik Indeksi belgilab olindi. Ushbu ko‘rsatkich birmuncha yuqori — 0,65.

Fuqarolarning fikricha, jinoiy javobgarlik va jazo muqarrarligi, fuqarolarning huquqiy bilimini yuksaltirish hamda ushbu sohadagi chora-tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish korrupsiyaga qarshi kurashishda eng samarali chora hisoblanadi. Ko‘pchilik iqtisodiy ta’sir choralarini qo‘llash, fuqarolarning huquqiy bilimini oshirish, mansabdor shaxslar xonalariga, o‘quv auditoriyalariga va boshqa joylarga kuzatuv kameralarini o‘rnatish zarurligini ham aytishgan.

41,3 foiz o‘zbekistonliklar davlat, huquq-tartibot, boshqaruv va nazorat organlari korrupsiyaning oldini olish hamda unga qarshi kurashishda jamiyat va uning fuqarolik institutlari bilan yaqin hamkorlikda, ushbu institutlarning faol va bevosita qo‘llab-quvvatlashi bilangina yuqori samaraga erishishi mumkin, deb hisoblaydi. So‘rov ishtirokchilarining yarmidan ko‘pi fikricha, davlat bilan jamiyat o‘rtasidagi hamkorlik yuqori darajada. Qolgan qismi esa o‘rtacha yoki past, deb baholagan.

«Oilangiz a’zolari yoki yaqinlaringiz hayotida korrupsiya bilan bog‘liq hodisa sodir bo‘lganmi?» Ushbu savolga respondentlarning aksariyati salbiy javob berishdi. Ammo suiiste’molliklarga duch kelganlar ham kam emas. Ushbu muammoga yo‘liqqan respondentlar orasida qishloq aholisiga qaraganda shaharliklar soni bir oz ko‘pchilikni tashkil etdi. Respondentlarning ko‘pchiligi yaqinlaridan mansabdor shaxslar pora talab qilgani bilan bog‘liq hodisalardan xabardor ekanini aytishgan. Ularning 8,4 foizi qarindoshlari yoki tanishlari o‘zlari pora taklif etganini ta’kidlashsa, 6,8 foizi ularning yaqinlariga pora taklif qilinganini bildirishgan. Respondentlarning 3,4 foizi esa ularning qarindoshi yoki do‘sti pora olish bilan shug‘ullanganini tan olgan.

Ayrim respondentlar buni jamiyatda «umumqabul qilingan tartiblar» bilan bog‘lagan, ya’ni «U shunchaki hamma qilgan ishni qildi, ajralib qolishni istamadi», «Bu minnatdorchilikning umumqabul qilingan shakli» qabilida ish tutishadi. Fuqarolar fikricha, ularning yaqini huquqiy bilimi sayozligi, haq-huquqlarini yaxshi bilmasligi sababli pora berishga rozi bo‘lgan.

So‘rov natijalari ko‘rsatishicha, respondentlarning mutlaq ko‘pchiligi mamlakat hayotining hamma sohasida korrupsiya, tamagirlik va poraxo‘rlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, degan fikrni bildirmoqda. Shu bilan birga, so‘rov natijalariga ko‘ra, jamiyatda poraxo‘rlikka nisbatan ikki tomonlama axloqiy munosabat ham mavjud: bunday holatni og‘izda qoralash barobarida, ko‘pchilik fuqarolar amalda o‘z muammolarini hal etish uchun pora beradilar.

So‘rov natijalariga qaraganda, tadbirkorlar, fermerlar, yakka tartibda mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolar tamagirlikka eng ko‘p duch kelishgan. So‘nggi paytlarda bunday noqonuniy xatti-harakatlardan voz kechib, o‘z muammolarini qonuniy yo‘l bilan hal etishni ma’qul ko‘rayotgan fuqarolar soni tobora ortib bormoqda. Bu Xalq qabulxonalari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali vositasida xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish mexanizmi joriy qilinishining qanchalik samarador ekanligini ko‘rsatmoqda.

Markazda «Gazeta.uz"ning so‘rovda qatnashganlar soni va o‘tkazish muddatlar to‘g‘risidagi savolga javob qaytara olishmadi.