P. F. Borovskiy nomidagi Toshkent tibbiyot kolleji faoliyati o‘rganish natijalari ushbu muassasada o‘quv tarbiyaviy jarayonni tashkil etishda jiddiy muammolar borligini ko‘rsatdi, deyiladi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabarida. Ta’lim muassasasi o‘quvchilaridan birining o‘limiga olib kelgan hodisadan so‘ng mashhur bo‘ldi.

Kollejda 2000 real o‘quvchi o‘rni mavjud bo‘lsa-da, bugungi kunda 3094 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Kollejda o‘quvchilar soni uning quvvatiga nisbatan 1.5 barobar ko‘pligi, guruhlarda o‘quvchilar soni o‘rtacha 36−38 nafarni tashkil etishi, o‘quv xonalari yetishmasligi darslar 2 smenada tashkil etilishiga sabab bo‘lgan. Bu esa o‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtlarida to‘garak mashg‘ulotlariga jalb etilishini cheklab qo‘ygan, ya’ni qo‘shimcha mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun bo‘sh auditoriyalarga juda katta ehtiyoj sezilgan.

O‘quvchilar sonining ko‘pligi jismoniy tarbiya darslarini sport zallarida tashkil etishda o‘quvchilarni to‘liq qamrab olish imkonini bermaydi. Ya’ni, ayrim guruhlarga jismoniy tarbiya darslarini o‘tish imkoni bo‘lmagan.

«Kollejning faollar zali ham yo‘q. Bu holat o‘quvchilar o‘rtasida ma’naviy-axloqiy, tarbiyaviy ishlarni tashkil etish, ota-onalar yig‘ilishlarini o‘tkazish imkonini bermaydi. Ustiga-ustak, uch ming nafardan ortiq o‘quvchi tahsil oladigan ushbu kollejning Axborot resurs markazi o‘quv zali bor yo‘g‘i 34 o‘quvchiga mo‘ljallangan, xolos», — deyiladi xabarda.

«Darslarning 2 smenada tashkil etilganligi, o‘quv xonalarining barchasi bandligi, ta’lim muassasasida o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlashi, ota-onalar bilan ishlash, darsdan tashqari ishlarni tashkil etish, psixologik xizmat ko‘rsatish, ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ishlarni tashkil etishda jiddiy muammolarni yuzaga keltirgan», — deya qayd etdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, tibbiyot kollejiga 2017−2018 o‘quv yili uchun qabul to‘xtatilishi yuzasidan tegishli takliflar tayyorlandi. Mazkur takliflar ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi hamda Toshkent shahar hokimligi huzuridagi 9-sinf bitiruvchilarini akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qamrab olish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi Kengashga taqdim etildi. Mazkur vakolatli organlar tomonidan mazkur ta’lim muassasasining kelgusi faoliyati bilan bog‘liq tegishli qarorlar qabul qilinadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2015−2016 o‘quv yilida Toshkent shahridagi tibbiyot kollejlarini 8274 nafar o‘quvchi bitirgan bo‘lsa,ularning bor-yo‘g‘i 33 foizi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlangan.

Shu sababli, o‘tgan yili O‘zbekiston bo‘yicha tibbiyot kollejlariga 35 ming nafardan ziyod o‘quvchi qabul qilingan bo‘lsa, joriy yilda qabul kvotasi 7 mingga qisqartirilib, 28 ming nafarga yaqin o‘quvchi qabul qilinishi rejalashtirilgan.