2017 yilda O‘zbekiston tijorat banklari ustav kapitalidagi davlat ulushi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasini mablag‘lari hisobiga 500 mln dollar ekvivalenti miqdoriga oshiriladi. Bu haqda Prezident SHAvkat Mirziyoyevning 16 iyundagi qarorida so‘z boradi.

Mazkur hujjat tijorat banklari kapitallashuvi darajasini qo‘llab-quvvatlash, bank tizimi moliyaviy barqarorligini oshirish hamda ularning investitsion loyihalar va tadbirkorlikni moliyalashtirishdagi ishtirokini kengaytirish maqsadida qabul qilindi.

Qarorda bank sektoriga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar 2017—2018 yillarda mamlakat hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning tasdiqlangan manzilli dasturlari va tadbirkorlik sub’ektlarini moliyalashtirish yoki hamkorlikda moliyalashtirishga yo‘naltirilishi ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Markaziy bankka likvidlik yetishmovchiligi vujudga kelgan taqdirda tijorat banklariga uch oygacha muddatga ta’minotsiz kreditlar ajratish vazifasi topshirildi. Mazkur kreditlar banklar likvidligini qo‘llab-quvvatlash uchun faqatgina to‘lovlar uzluksizligini ta’minlash maqsadlariga ajratiladi va ularning kreditlar ajratish uchun sarflanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Markaziy bank MBdan ta’minotsiz kredit olganidan so‘ng mijozlar to‘lovlarini uzluksiz amalga oshirishni ta’minlamagan tijorat banklari ustidan vasiylik tartibini o‘rnatish huquqiga ham ega bo‘ldi.