19 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Portugaliya Prezidenti Marselo Rebelo de Souzaga mamlakatning markaziy qismlarini qamrab olgan o‘rmon yong‘inlari natijasida insonlar halok bo‘lishi va vayronagarchiliklar munosabati bilan maktub yo‘lladi.

«Sizga ta’ziya izhor etamiz va butun Portugaliya xalqiga, qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamda jarohatlanganlarga samimiy hamdardligimizni yetkazib qo‘yishingizni so‘raymiz» — deyiladi O‘zbekiston Prezidenti maktubida.

Portugaliyaning markaziy hududidagi tabiiy o‘rmon yong‘inlari natijasida, mahalliy hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, 61 kishi hayotdan ko‘z yumdi, 60 nafardan ziyod kishi jarohatlandi. Lissabondan 200 km uzoqlikdagi Pedrogan-Grandi aholi punkti eng ko‘p jabrlandi.