Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan lavozimidan chetlatilmaydi va milliy terma bilan ishlashda davom etadi, deb xabar berdi Futbol federatsiyasi (O‘FF).

Jahon chempionati-2018 ga Osiyo saralash bosqichi sakkizinchi turi doirasida Eronga qarshi safarda kechgan uchrashuvdagi mag‘lubiyatdan so‘ng ijtimoiy tarmoqlar va OAVda terma jamoa murabbiyini iste’foga chiqarish to‘g‘risida chaqiriqlar paydo bo‘lgan edi. Shu munosabat bilan O‘FF rasmiy bayonot bilan chiqdi.

«O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi jahon chempionati saralash o‘yinlaridan keyin ishqibozlar va turli OAVda yuzaga kelgan vaziyatdan xabardor va milliy terma jamoaning keyingi taqdiri haqidagi bahs va munozaralar, taklif va murojaatlarni juda yaxshi tushunib turibdi. O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi har bir futbol ishqibozi o‘zining shaxsiy fikri borligi va uni erkin ifoda qilish vakolatiga ega ekanligiga hurmat bilan qaraydi», — deyiladi bayonotda.

«Milliy terma jamoaning jahon chempionati saralash o‘yinlaridagi ishtiroki, terma jamoa murabbiylar shtabi a’zolarining atrofidagi xavotirli fikrlarga hurmat saqlagan holda ma’lum qilamizki, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Samvel Babayan boshchiligidagi murabbiylar shtabiga ish va vazifani oxiriga yetkazib qo‘yish uchun imkoniyat beradi. O‘zbekiston terma jamoasining 31 avgustda Xitoyga qarshi safardagi o‘yini hamda 5 sentyabr kuni Koreyaga qarshi Toshkentdagi o‘yinlariga jamoani Samvel Babayan tayyorlaydi», — deya qayd etadi O‘FF.

Federatsiya shu yilning sentyabr oyida O‘FF navbatdagi Konferensiyasini o‘tkazishi haqida ham xabar qildi. Unda tashkiliy masalalar, shu jumladan, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Prezidenti va rahbarlik lavozimlarining saylovi, O‘FF strukturasini o‘zgartirish va kadrlar masalasini qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, mamlakat futbolini isloh qilish bo‘yicha dasturlarni tuzib chiqish kabi dolzarb masalalar ko‘rib chiqiladi.