15 iyun kuni Shanxay hamkorlik tashkilotining Pekindagi bosh qarorgohida tashkilotga yangi a’zo bo‘lgan ikki davlat — Hindiston va Pokistonning davlat bayroqlari ko‘tarildi, deb xabar qildi SHHT Kotibiyati matbuot xizmati.

Marosimda SHHT bosh kotibi Rashid Alimov, Xitoy tashqi ishlar vaziri yordamchisi Kun Syuanyu hamda a’zo davlatlar, SHHT kuzatuvchilari va muloqot bo‘yicha sheriklari elchilari ishtirok etdi.

SHHT bosh kotibi: «16 yil muqaddam ayni shu kuni ikki ming yillik chorrahasida jahon siyosiy xaritasida Shanxay hamkorlik tashkiloti paydo bo‘lgan edi. Yaqin qo‘shnichilik va yagona rivojlanish maqsadi, Xartiyadan o‘rin olgan davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning shu oddiy va aniq tamoyillari yangi turdagi tashkilotning fundamental asosi bo‘ldi va SHHTni xalqaro hayotning real omiliga aylantirdi», deya ta’kidladi.

Xuddi shu kuni Toshkentdagi SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MAT) Ijroiya qo‘mitasi binosi oldida Hindiston va Pokiston davlat bayroqlari ko‘tarildi.

SHHT MAT Ijroiya qo‘mitasi direktori Yevgeniy Sisoyev ikki mamlakat vakolatli organlarining tuzilmada ishtirok etishi SHHTning aksilterror salohiyatini sezilarli darajada kengaytirishiga ishonch bildirdi.

SHHT aksilterror tuzilmasining kengayishi mintaqaviy va global xavfsizlikning dolzarb masalalarini hal etish uchun yangi imkoniyatlarni taqdim etib, xalqaro terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha kuchlarni birlashtirishga qo‘shimcha turtki beradi, deya qo‘shimcha qildi u.