Qandim konlar guruhida gazni qayta ishlash zavodining birinchi navbati qurilishi dekabr oyida yakuniga yetadi. Bu haqda chorshanba kuni Xalqaro press-klub yig‘ilishida «O‘zbekneftgaz» xoldingi tarkibiga kiruvchi «Neftgazinvest» kompaniyasi direktori Bahodir Siddiqov xabar qildi.

«Mazkur loyiha bo‘yicha rossiyalik hamkorlar („LUKOYL“ kompaniyasi — tah.) bilan loyihani amalga oshirishni tezlashtirish qarori qabul qilindi. Dastavval 2018 yilning iyuniga rejalashtirilgan birinchi bosqich 2017 yil dekabrida yakuniga yetadi», — dedi kompaniya rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir ob’ektga loyihada ko‘zda tutilgan 93 foiz uskunalar yetkazilgan. GQIZ qurilishida 8000 kishi band bo‘lib, ularning 90 foizi mahalliy mutaxassislardir.

2015 yil fevralida «LUKOYL» va Janubiy Koreyaning Hyundai Engineering kompaniyasi boshchiligidagi pudratchilar konsorsiumi Qandim GQIZ qurilishi va uni uskunalar bilan ta’minlash bo‘yicha 2,66 mlrd dollarlik shartnomani imzolagan edi.

Ishlab chiqarish quvvati 8,1 mlrd kub metr gaz bo‘lgan majmua qurilishi 2016 yil aprelida boshlangan edi. Mazkur loyihaning birinchi navbatiga kiritiluvchi sarmoyalarning umumiy hajmi 3,3 mlrd dollarni tashkil etadi.