Kunu tun efirga uzatiluvchi «O‘zbekiston 24» milliy axborot-tahliliy teleradiokanalini ishga tushirish ishlari tugallanish bosqichida. Bu haqda chorshanba kuni Xalqaro press-klubda teleradiokanal direktori Ozod Hamidxo‘jayev ma’lum qildi.

Ozod Hamidxo‘jayev.

Kanal rahbari uning ochilishini O‘zbekiston televideniyesi tarixidagi tub burilish va tarixiy hodisa deb atadi. «Hali kunu tun yangiliklarni efirga uzatgan bunday telekanal bo‘lmagan. Bizning maqsadimiz — axborot muhitida asosiy yangiliklar tarqatuvchiga aylanish», — dedi Ozod Hamidxo‘jayev.

Direktor birinchi o‘rinbosari Rahim Mahkamovning ma’lum qilishicha, hozircha efirni boshlash vaqti aniq emas, ishga tushirish bosqichma-bosqich bo‘ladi. Dastlab radiokanal, so‘ngra vebsayt va undan keyingina telekanal ishga tushiriladi. «Bir kunda ishga tushirmaymiz, barchasi tayyorgarlik choralari bo‘yicha amalga oshadi», — dedi u.

Rahim Mahkamov.

Rahim Mahkamov «O‘zbekiston 24» ikki formatdagi (SD va HD) raqamli efirning ommabop ijtimoiy paketiga kiritilishi, kelgusida sun’iy yo‘ldosh orqali uzatilishi rejalashtirilganini qo‘shimcha qildi.

Kanal xorijda to‘qqizta muxbirlik punktiga ega bo‘lishi, dastlab Markaziy Osiy davlatlari, so‘ngra Rossiya, Yevropa va Janubi-Sharqiy Osiy mamlakatlarida ochilishi ma’lum qilindi. Efir kunu tun uch tilda: o‘zbek (efirning 65−70 foizi), rus (25−30%) va ingliz (5−10%) uzatiladi.

Sohibjon Alijonov.

«Kanal ishida asosiy urg‘u har soatlik xabarlar, birinchi navbatda mamlakatimiz yangiliklariga qaratiladi, — dedi teleradiokanalning bosh muharriri Sohibjon Alijonov. — Yangiliklar bloklari o‘rtasida studiyadagi suhbatlar, mavzuli dasturlar, sodir bo‘layotgan hodisa va jarayonlarga bag‘ishlangan tahlillar namoyish etiladi. Biz tahlilni jiddiy darajaga olib chiqishni istaymiz, buning uchun O‘zbekistonning ekspert hamjamiyati bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan».

Yangi kanalni o‘z ichiga oluvchi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari Bobir Alixonov «O‘zbekiston» telekanali tarkibiga kiruvchi «Axborot» dasturi «O‘zbekiston 24» tizimiga o‘tishini ma’lum qildi.

Bobir Alixonov.

«O‘ylaymanki, bir ushbu brendni saqlab qolamiz… Ko‘rsatuv „Axborot 24“ deb nomlanadi va kechki vaqtda yangiliklar kuni sarhisobini yuritadi», — dedi u.

Dastur tomoshabinlar unga ko‘nikkuniga qadar har ikki telekanalda ham efirga uzatib boriladi. Bunda dastur «O‘zbekiston 24» kanaliga tayyorlanadi, dedi Bobir Alixonov.

Shu yerda «Yoshlar» telekanalining «Davr» axborot dasturi uchun ham materiallar tayyorlanadi. U o‘z telekanalida odatdagi soatlarda efirga uzatiladi.