O‘zbekiston Adliya vazirligi Buxoro viloyatidagi Oliy Mir Arab madrasasini oliy diniy ta’lim muassasasi sifatidan ro‘yxatga oldi. Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati xabar qildi. Madrasaga shu yerda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Jobir Elov rektor v.b. bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10−11 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrif buyurganida viloyatda Mir Arab oliy madrasasini tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi.

O‘zbekiston muftiysi Usmonxon Alimov madrasaning O‘zbekiston xalqiga sof Islom dini asoslarini puxta o‘rganish va mamlakatda diniy bag‘rikenglikning ta’minlanishida muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi.

Mazkur ta’lim muassasasidan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk allomalar yetishib chiqishini tilab duo qildi.

Hozirgi vaqtda Buxoro viloyatida yangi tashkil qilingan Mir Arab oliy madrasasidan tashqari Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti ham o‘z faoliyatini davom ettiradi.