Ostona shahrida «Kelajak energiyasi» shiori ostida bo‘lib o‘tayotgan «EKSPO-2017» xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston tashrif buyuruvchilar e’tiboriga qator kelajak ishlanmalarini taqdim etmoqda.

«O‘zekspomarkaz"dan «Gazeta.uz"ga xabar qilinishicha, O‘zbekiston pavilonida mamlakatning ilmiy, ishlab chiqarish va sayyohlik salohiyati namoyish etilmoqda.

Ikki qavatli avtonom ekokapsula «aqlli uy» loyihasi bo‘yicha ishlab chiqilgan bo‘lib, quyosh panellari bilan jihozlangan. Undan borish qiyin bo‘lgan joylarda, masalan ekspeditsiya va razvedka ishlaridan foydalanish mumkin. Kapsula bir kishiga mo‘ljallangan hamda sovitish, isitish, o‘t o‘chirish va multimedia texnologiyalari bilan ta’minlangan.

Yana bir qiziqarli ishlanma —quyosh energiyasidagi konseptual elektromobil modeli. Uning tom qismidagi fotopanellar akkumulyator va ikkita elektromotorni quvvatlantiradi. Mashina avtoturargohda quyosh stansiyasidan quvvat oladi.

Ekspozitsiyada harakat vaqtida suvdan vodorodni ajratib oluvchi gidroliz qurilmasi bilan ta’minlangan gibrid Matiz avtomobili ham taqdim etilgan. Model ayni vaqtdan sinovdan o‘tkazilmoqda.

Tashrif buyuruvchilar mexanik soat tamoyili asosida o‘zini o‘zi quvvatlovchi AR 2025 smartfoni prototipi bilan ham tanishmoqda.

Vodorodli payvandlash uskunasi loyihasi, mualliflar so‘zlariga ko‘ra, faqatgina suv talab qilib, katta samaradorlik va tejamkorlik xususiyatiga ega.

Bionik qo‘l — masofadan boshqariluvchi qo‘l-robot, kashfiyotchilarning ishonch bildirishicha, inson qo‘lini 100 foiz takrorlaydi.

Bundan tashqari, ko‘rgazma va muzeylarda gidlik qilishi mumkin bo‘lgan robot-gid ham taqdim etilmoqda. Robot eksponatlar oralab rejalashtirilgandek yoki tashrif buyuruvchilar shakllantirgan yo‘nalish bo‘yicha harakatlanishi mumkin.

O‘zbekiston pavilonining ikkinchi qavatida sayyohlik zonasi tashkil etilgan. Bu yerda arxitektura yodgorliklari va mamlakatning diqqatga sazovor maskanlari nusxalari joylashtirilgan.