Toshkent va Toshkent viloyati hokimiyatlarining barcha turdagi yo‘lovchi transportlari harakatini litsenziyalash va muvofiqlashtirish departamentlarini tugatish taklif qilinmoqda. Muhokama uchun e’lon qilingan Avtomobil transporti sohasida davlat boshqaruvi va nazorati tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori loyihasida bu haqda so‘z boradi.

Hujjatda keltirilishicha, bir-birini takrorlovchi ortiqcha jarayonlar, avtomobil transporti sohasida ishlovchi tadbirkorlarga qo‘yilgan cheklov va to‘siqlar bozorning rivojlanishiga to‘siq bo‘lmoqda. Shuningdek O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi hamda ko‘rsatib o‘tilgan ikki departament o‘rtasidagi avtomobilda yo‘lovchi tashishni litsenziyalash tizimida ham muammolar mavjudligi ta’kidlangan.

«Toshkent shahrida tashuvchilar faoliyatini boshqarish va nazorat qilishga mo‘ljallangan shahar yo‘lovchi transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va muvofiqlashtirish departamenti bir vaqtning o‘zida departament boshqaruvi ostida bo‘lgan tashuvchilardan biri („Toshshahartransxizmat“ AJ) rahbari hisoblangan Toshkent shahar hokimi o‘rinbosariga amaliy jihatdan bo‘ysunadi», — deyiladi qaror loyihasida.

Mavjud muammolarni bartaraf etish uchun Toshkent va poytaxt hokimiyati departamentlarini O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining Toshkent va Toshkent viloyati boshqarmalari bilan birlashtirish belgilangan.

Mamlakat shaharlarida yo‘lovchi transportini boshqaruvchi maxsus vakolatli organ ham agentlikka bo‘ysundiriladi.

Toshkent va Toshkent viloyati departamentlari tomonidan berilgan amaldagi litsenziya va litsenzion kartochkalar bepul qayta rasmiylashtiriladi.