O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga hamdardlik maktubi yo‘lladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

«Baykalorti o‘lkasida yo‘lovchilar avtobusi yo‘l-transport hodisasiga uchragani oqibatida ko‘plab insonlarning halok bo‘lgani va jarohat olgani haqidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildim», — deyiladi maktubda.

Davlat rahbari qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga samimiy ta’ziya va dalda so‘zlarini yetkazib qo‘yishni so‘radi hamda jarohat olganlarga tez fursatlarda sog‘ayib ketishlarini tiladi.

Baykalorti o‘lkasida avtobus ishtirokidagi YTHda 10 nafardan ziyod kishi halok bo‘ldi. 40 kishiga yaqini jarohatlandi, ular orasida uch nafar voyaga yetmagan ham bor. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra haydovchi yo‘lning murakkab qismida boshqaruvning uddasidan chiqa olmagan va transport vositasi 25−30 m balandlikdan pastga qulab tushgan.