O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 12 iyundagi qarori bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning hududiy organlarining yangilangan vazifalari hamda faoliyat yo‘nalishlari belgilab olindi. Hujjat matni davlat rahbari saytida e’lon qilindi.

Qarorda qayd etilishicha, islohotlar sharofati bilan O‘zbekistonda o‘rtacha umr davomiyligi 1990−2016 yillarda 67 yoshdan 73,1 yoshgacha uzaydi, umumiy o‘lim darajasi 1000 kishiga nisbatan 6,1 dan 4,8 ga kamaydi. Statsionar turdagi tibbiyot tashkilotlariga aholini yotqizish darajasi 100 kishiga 24,6 nafardan 15,5 nafarga kamaygan bo‘lsa, ularda bemorlarning yotish davomiyligi o‘rtacha 14,8 kundan 7,2 kunga qisqargan.

Ayni paytda eng yuqori darajadan birinchi bo‘g‘ingacha aniq vertikal boshqaruv tizimining mavjud emasligi aholiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatishning yetarli darajada sifatli, hammabop va tezkor bo‘lishini ta’minlay olmayotgani, moliyaviy va moddiy resurslarning maqsadli taqsimlanmasligi, tibbiyot xodimlari kasbiy mahoratining yetarli darajada o‘smasligiga olib kelmoqda, deya qayd etiladi hujjatda.

Qarorda qayd etilishicha, sog‘liqni saqlashning milliy boshqaruv tizimida jamiyat salomatligini qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom turmush tarzini joriy etishga ruhlantirish, kasalliklardan ogohlantirish va ular profilaktikasi, shuningdek diagnostika va davolash sohalariga xalqaro standartlarni joriy etish tamoyillariga yo‘naltirilgan tub o‘zgarishlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning hududiy organlari faoliyatining asosiy vazifa va yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilab olindi:

  • fuqarolar sog‘lig‘ini himoya qilish sohasida aholiga tibbiy xizmatlarni to‘liq va o‘z vaqtida ko‘rsatishda vazirlik organlari va tashkilotlari rahbarlari roli va javobgarligini oshirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
  • jamoat sog‘lig‘ini saqlash, aholini sog‘lom turmush tarzini joriy etishga ruhlantirish, eng avvalo o‘z salomatligi va boshqalar salomatligiga javobgarlik hissini tarbiyalash bo‘yicha aholining tibbiy madaniyati va savodxonligini oshirish;
  • sog‘lom avlodning dunyoga kelishi va tarbiyasi uchun qulay sharoitlarni yaratish, millat genofondini yaxshilash, oilada tibbiy madaniyatni oshirish, hayot sifati va davomiyligini oshirish, sog‘liqni saqlash va aholining sanitar-epidemiologik farovonligi sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqish;
  • qishloq joylarda aholiga taqdim etilayotgan tibbiy yordam hajmini oshirish;
  • aholiga ko‘rsatilayotgan birinchi, tez, shoshilinch va ixtisoslashgan tibbiy yordam hammabopligi va tezkorligini darajasini oshirish, axborot texnologiyalari (telemeditsina), davolashning klinik protokollarini keng joriy etish va ilg‘or xorijiy hamda mahalliy mutaxassislar tajribalarini hududiy tibbiyot muassasalari tibbiyot xodimlariga yetkazish;
  • dori-darmonlar bilan muloqotda davlat nazoratini o‘rnatish, dori vositalari, tibbiy buyum va tibbiy texnikalar, shuningdek O‘zbekiston hududida foydalanishga ruxsat berilgan uskunalarni standartlashtirish va sertifikatlashtirish ishlarini amalga oshirish;
  • yolg‘iz keksalar, pensionerlar, nogironlarni manzilli ijtimoiy himoya qilish, ularni davolash, tizimli sog‘lomlashtirish, profilaktik tadbirlarni kengaytirish, zamonaviy davolash qamrovi va hammabopligini oshirish yo‘li bilan ularga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy yordam sifati va darajasini oshirish;
  • zamonaviy, xalqaro amaliyot tajribasidan o‘tgan sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish usullarini tatbiq etish, sog‘liqni saqlash tizimida ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini nazorat qilish.

Qaror bilan Sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar tasdiqlandi (tafsilotlari keyinroq e’lon qilinadi).