Bosh vazir o‘rinbosari Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Jenevada Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Gay Rayder bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv Xalqaro mehnat konferensiyasi 106-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati.

Gay Rayder tomonlar hamkorlikning ko‘plab sohalarida sezilarli yutuqlarga erishganini ta’kidlab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugun avvalo, bandlik, mehnat muhofazasi, gender tenglik kabi sohalarda yangidan-yangi imkoniyatlar vujudga kelmoqda.

XMT bosh direktori O‘zbekiston rahbariyati va hukumatiga XMTning birlashmalar erkinligi va kasaba uyushmalariga birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risidagi 87-sonli Konvensiyasini ratifikatsiya qilgani uchun alohida minnatdorchilik bildirdi. «Umid qilamizki, XMTning boshqa konvensiyalari respublikaning milliy qonunchiligiga muvofiqligini o‘rganish bo‘yicha ishlar davom etadi», — deb qayd etdi XMT rahbari.

Gay Rayder kun tartibiga huquqiy asosni yanada takomillashtirish, aholi shu jumladan, xotin-qizlar bandligi, mehnatni muhofaza qilish va aholining ijtimoiy himoyasini ta’minlashga qaratilgan masalalarni kiritib, ikki tomonlama o‘zaro aloqalarni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.