Himmat Oqbo‘tayev Samarqand viloyati hokimi lavozimidan ozod qilindi, deb xabar qildi «O‘zbekiston» kanalining «Axborot» dasturi.

Dushanba kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vazirlar Mahkamasining 2017 yil birinchi yarmida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazdi.

Davlat rahbari 10 iyunda tashrif buyurgan Samarqand viloyatidagi vaziyatni tanqid ostiga oldi. Ayrim rahbarlarning loqaydligi va harakatsizligi oqibatida viloyatda ko‘plab jiddiy muammolar yig‘ilib qoldi, deyiladi reportajda.

Viloyat hokimi, uning o‘rinbosarlari, shahar va tuman hokimlari, viloyat mahkamalari rahbarlari o‘rtasida yaqin aloqa va konstruktiv munosabatlarning yo‘qligi hududni rivojlantirishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, deya qayd etildi ko‘rsatuvda.

Shuningdek, viloyat hokimining jamoatchilik va rahbarlar fikri bilan hisoblashmagani, bu esa xalq uchun muhim vazifalarni hal eta olmasligiga sabab bo‘lgani aytib o‘tildi. Shu sababli ob’ektlar qurilishi samaradorligi ta’minlanmagan, investitsion mablag‘lar yetarlicha o‘zlashtirilmagan, mahsulotlar ishlab chiqarish sohasida tashqi bozorga chiqishning uddasidan chiqilmagan.

«O‘z faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Himmat Oqbo‘tayev egallab turgan Samarqand viloyati hokimi lavozimidan ozod qilindi», — deya xabar qilindi reportajda.

Himmat Oqbo‘tayev 2016 yil dekabridan viloyat hokimi lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. U bosh vazir o‘rinbosari hamda qishloq va suv xo‘jaligi vaziri lavozimiga tayinlangan Zoyir Mirzayev o‘rnini egallagan edi.