Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida 10 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning uchrashuvi bo‘ldi, deb xabar qildi O‘zA.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan BMT va uning tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar, jumladan, Orol fojiasining ekologik oqibatlarini yumshatishga doir masalalar muhokama etildi.

Global xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarni hal etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvdan so‘ng davlat rahbari Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Taomilga binoan Qur’on tilovat qilindi. Islom Karimov dafn etilgan hududda yodgorlik majmuasi barpo etilmoqda. Prezident qurilish ishlarining borishi bilan tanishdi.

Shavkat Mirziyoyev Birinchi Prezident maqbarasi Hazrati Xizr masjidi bilan uyg‘un, ayvonlar maqbara bilan hamohang bo‘lishiga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

Uni yanada takomillashtirish, ziyoratchilar uchun barcha qulayliklar yaratish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Majmua atrofini kengaytirish va obodonlashtirish, zamonaviy tungi yoritish tizimi bilan ta’minlash zarurligini qayd etdi.