O‘zbekiston sportchilari 6−8 iyun kunlari Vetnamda o‘smirlar o‘rtasida taekvondo WTF Osiyo chempionatida 12 medalni qo‘lga kiritdi. Unda 18 davlatdan 277 nafar yosh atlet ishtirok etdi.

Taekvondo assotsiatsiyasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, musobaqa 12−14 yoshdagi sportchilar o‘rtasida kyorugi (sparring) va pumse (texnik harakatlar) yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazildi. O‘zbekiston termasi ikkita oltin, ikkita kumush va sakkizta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Kyorugi yo‘nalishida Azizbek Rahmonberdiyev (45 kg gacha) shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Amir To‘rayev (37 kg gacha) va Munisa Karimova (29 kg gacha) Osiyo vitse-chempioni bo‘lishdi. Daniel Kim (33 kg gacha), Sevinch Mo‘minova (41 kg gacha), Iroda Mirtojiyeva (59 kg gacha) va Kseniya Smirnova (+59 kg) bronza medaliga savozor bo‘ldi.

Pumse yo‘nalishida Iroda Umrzoqova oltin medalni qo‘lga kiritdi. Aynur Umrzoqova va Islombek Rajabov yakkalik bahslarda, Iroda Umrzoqova va Islombek Rajabov esa juftlik bahslarda bronza medaliga sazovor bo‘ldi.