14−24 iyun kunlari Kiprning tarixiy Pafos shahrida bo‘lib o‘tadigan 12-Kipr xalqaro kinofestivali (CYIFF) asosiy dasturidan o‘zbekistonlik yosh kinorejissyor Muhlisa Azizova tomonidan suratga olingan «U» filmi ham o‘rin oldi, deb xabar qildi Kinematografiyani rivojlantirish markazi axborot xizmati.

Mazkur kinokartina yaqindagina 70-Kann xalqaro kinofestivalining Qisqa metrajli filmlar burchagida namoyish etilgan edi.

Kinofestivalda turli mamlakatlarning yosh kinoijodkorlari tomonidan yaratilgan 100 ga yaqin to‘liq va qisqa metrajli badiiy filmlar ishtirok etib, festivalning bosh sovrini — «Oltin Afrodita» (Golden Aphrodite) uchun kurashadi.

Kipr xalqaro kinofestivali 2006 yildan buyon o‘tkazilib kelinayotgan bo‘lib, jahondagi 5500 dan ortiq festivallar orasida yirik 100 talikka kiradi.