BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning O‘zbekistonga tashrifi mamlakatning birinchi Prezidenti Islom Karimov qabriga gulchambar qo‘yishdan boshlandi. Bu haqda BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida xabar qildi.

Samarqandda Antoniu Guterrish O‘zbekiston Prezidentining Xalq qabulxonasiga tashrif buyurib, «Yuksalish» mahallasida fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashdi. BMT bosh kotibiga mahalla instituti va uning ijtimoiy jarayonlardagi roli to‘g‘risida so‘zlab berildi.

BMT rahbari Registon maydoniga ham tashrif buyurib, qadimiy shaharning arxitekturaviy yodgorliklari bilan tanishdi.

Shanba kuni Antoniu Guterrishning O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv o‘tkazishi kutilmoqda.

Shundan so‘ng BMT rahbari Qoraqalpog‘istonga yo‘l olib, Nukus va Mo‘ynoqqa tashrif buyuradi.