Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov xorijdagi va O‘zbekistondagi fuqarolarning savollariga javob qaytaradi. 5 iyul kuni Toshkent vaqti bilan 14:00 dan 16:00 ga qadar videokonferensiya ko‘rinishida bo‘lib o‘tadigan tadbirda O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari va bosh konsulliklari rahbarlari ham ishtirok etadi.

Vazir o‘zbek va xorij OAV vakillari ishtirokida fuqarolarning TIV faoliyati bilan bog‘liq savollarini ko‘rib chiqadi, deb xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.

TIVga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarolari savollarini matn, audio va video formatlarda vazirning virtual qabulxonasi, muloqot@tiv.uz elektron pochtasi hamda TIVning Facebook'dagi rasmiy sahifasi va Telegram'dagi kanaliga oldindan yuborishlari mumkin.

Anonim, odobsizlik mazmunidagi (uyatsiz yoxud haqoratli iboralar, mantiq va ma’nosi bo‘lmagan takliflar va boshqalar), matnida tushunarsiz qisqartirishlar mavjud bo‘lgan, tarkibida aniq arizalar, shikoyatlar yoki takliflar bo‘lmagan murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi.