Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari juma kuni Ostonada Hindiston va Pokistonni ShHT a’zoligiga qabul qilish jarayonini tugatish va ularga ShHTga a’zo davlat maqomini berish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

SHHTga a’zo davlat maqomini olish uchun Hindiston va Pokiston majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum 2016 yil iyunda ShHTning Toshkent sammitida imzolangan edi.

Sammitda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston va Pokistonning ShHTga a’zo davlat maqomiga ega bo‘lishi ko‘p rejali hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun butkul yangi imkoniyatlarni taqdim etishini ta’kidlab o‘tdi.

ShHT rahbarlari ShHTning ekstremizga qarshi kurash bo‘yicha Konvensiyasini imzolab, Xalqaro terrorizmga qarshi birgalikda kurashish to‘g‘risidagi bayonotni qabul qildi.

ShHTga a’zo davlatlar Kengashi yig‘ilishi doirasida 2017−2018 yillarda turizm sohasida ShHTga a’zo davlatlar hamkorligi dasturini amalga oshirish bo‘yicha Hamkorlikdagi harakatlar rejasi hamda ShHT Kotibiyati va Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi o‘rtasida o‘zaro tushunish to‘g‘risidagi Memorandum ham imzolandi.