Hindiston va Pokiston kabi yirik davlatlarning Shanxay hamkorlik tashkilotiga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilinishi, bu — tarixiy qarordir, deya ma’lum qildi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostonada bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida.

Shavkat Mirziyoyev sammitda hozir bo‘lib turgan Hindiston bosh vaziri Narendra Modi va Pokiston bosh vaziri Navoz Sharifni “ShHT oilasi"ga qabul qilingani bilan qutlar ekan, mazkur ikki davlatning tashkilotga a’zo bo‘lishi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun butkul yangi imkoniyatlarni taqdim etishini ta’kidlab o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidenti bugungi kunda ShHT mintaqada tinchlik va xavfsizlik, farovonlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashni maqsad qilgan davlatlarning nufuzli hamjamiyati sifatida shakllanganini qayd etdi.