Toshkent shahar IIB patrul-post xizmati brigadasi komandirining o‘rinbosari Murodilla Aliqoriyev payshanba kuni har haftalik brifingda poytaxtdagi otliq brigadalar faoliyatiga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, otlar yaqin oylarda Yevropadagi eng yirik otliq politsiya bo‘linmalariga ega bo‘lgan (245 ta ot va 434 nafar kavaleriyachi) Moskvadan sotib olinadi. Xuddi shu yerning o‘zidan ot minib harakatlanish maxsus liboslar hamda ippodromdan poytaxtga otliq otryadlarni tashish uchun yarim tirkamali pikaplar ham xarid qilinadi.

Namangan viloyat IIB otliq patruli.

O‘zbekistonda otliq postlarni joriy etish tajribasi mavjud. Namangan va Andijon viloyatlarida 22 ta xizmat otidan iborat otryadlar faoliyat ko‘rsatmoqda. «Mazkur viloyatlarda mahalliy otlardan foydalaniladi, biz esa Rossiyaning orlovskiy zotidan sotib olishni mo‘ljallaganmiz», — dedi Murodullo Aliqoriyev.

Otlarni o‘qitish bir yildan bir yarim yilgacha davom etadi. Ular otishma ovoziga e’tibor qilmaslik, portlashlar, tutun shashkalaridan qo‘rqmaslik, hujum qiluvchiga qarshi zarba berishga o‘rgatiladi. Biroq patrullik qilish uchun otryadni tayyorlashga kamroq vaqt sarflanadi. «Bizda professional chavandozlar bor, biroq baribir ular rossiyalik mutaxassislar bilan birgalikda tayyorgarlikdan o‘tishadi. Yil oxiriga qadar otliq soqchilar Toshkent ko‘chalarida patrullik qilishni boshlaydi», — dedi komandir o‘rinbosari.

Toshkent shahar IIB tomonidan jami bo‘lib 50 bosh xizmat otini sotib olish rejalashtirilgan. Ular ochiq joylarda o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlar chog‘ida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlashda yuqori harakatchanlik hamda mobil to‘siqlar va halqalar tashkil etish bilan shug‘ullanadi.