ShHTning Ostona sammiti doirasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani bilan uchrashdi, deb xabar qildi O‘zA.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Afg‘onistondagi vaziyatni siyosiy yo‘l bilan hal etish, mamlakatda barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiyotini rivojlantirish tarafdori ekanini ta’kidladi.

Ashraf G‘ani Afg‘onistonda barqaror vaziyatni tiklash borasida O‘zbekiston amalga oshirayotgan ishlar Afg‘onistonda yuksak baholanishini ta’kidladi va minnatdorlik izhor etdi. 2016 yil Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Toshkentda o‘tgan majlisida kuzatuvchi sifatida ishtirok etgani, sammit doirasida ikki mamlakat rahbarlarining uchrashuvida erishilgan kelishuvlarning amalga oshishidan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport kommunikatsiyalari, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasi, meva-sabzavotlar, neft mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar eksport qilmoqda. Qurilish, energetika, tog‘-kon sanoati va ta’lim sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etib kelmoqda. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Hayratondan Mozori Sharifgacha temir yo‘l liniyasi qurilgan. Mamlakatimiz ko‘magi bilan Afg‘onistonda ko‘priklar, yuqori voltli elektr liniyalari, optik tolali kabel liniyalari, suv ta’minoti tarmog‘i barpo etilgan.